“Adolat” Bosh prokuraturani Toshkent viloyatida bolalai zaharlanishida aybdorlarni jazolashga chaqirdi
Deputatlar Toshkent viloyatida bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga oldi.

“Adolat” fraksiyasi a’zolari Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga olib, holatni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani yuzasidan Bosh prokuraturaga parlament so‘rovi yubordi, deb xabar beradi fraksiya matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, deputatlar parlament va mahalliy kengashlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, haqiqiy holatni o‘rganish va muammoning asl sabablarini aniqlash bo‘yicha o‘rganish ishlarini boshlagan. Partiya vakillari zaharlanish holatlari ko‘pligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar vaziyatning jiddiyligidan dalolat berishini ta’kidlab, muammoni nafaqat tibbiy-sanitariya, balki ijtimoiy xavotir signali sifatida baholashlarini ta’kidladilar.
Farzandlarimiz salomatligi, ularning hayoti va kelajagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak va bu holatning asosiy sababi ularga yetkazib berilayotgan mahsulotlar sifati ustidan yetarli nazorat yo‘qligida, deb hisoblaymiz. Bolalar salomatligi bilan bog‘liq sohalarda standartlar, qoidalar va sanitariya normalariga qat’iy rioya qilish har bir ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchining to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyati bo‘lishi kerak.
Jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar faoliyatini shaffof va ochiq monitoring qilish bugungi kun talabidir. Qolaversa, bu holat nazorat va mas’uliyat yo‘qolganda jamiyat qanchalik xavf ostida qolishini yaqqol ko‘rsatdi, — deyiladi xabarda.
Deputatlar mazkur holat sabablarini jiddiy o‘rganish va aybdorlarni javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidlab, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat nazoratini tubdan kuchaytirish lozimligini bildirdilar. Shu munosabat bilan fraksiya a’zolari Bosh prokuraturaga jabrlangan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, shuningdek, ushbu holatga aloqador shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni so‘rab parlament so‘rovi yubordi.
Eslatib o‘tamiz, 26-sentyabr kuni soat 10:00 ga qadar Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish yana ikkita tumanga ta’sir ko‘rsatib, jami jabrlangan bolalar soni 1940 nafarga yetgandi. Oqqo‘rg‘on tumanidagi shifoxonalarga 413 nafar bola, Bo‘ka tumanida 537 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, Piskent tumanida 430 nafar tarbiyalanuvchi, Quyi Chirchiq tumanida 64 nafar, Bekobod tumanida 98 nafar, Olmaliq tumanida 285 nafar, Nurafshon tumanida 113 nafar bola ovqatdan zaharlanishdan shikoyat qilib murojaat qilgan.
Avvalroq to‘rtta tumanda 109 nafar bola MMTB kuzatuvi ostida bo‘lgan. 25-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova va vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mas’ullar bilan birgalikda bog‘cha va oshxonalardagi sharoitlar ko‘zdan kechirilib, bog‘cha rahbarlari va tarbiyachilari bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Izohlar