Abdulla Qodiriy bog‘ida osma ko‘prik va kuzatuv minorasi quriladi
Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy bog‘ida osma ko‘prik va kuzatuv minorasi barpo etiladi.
Prezidentga Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bogʻini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi taqdim etildi. Bu yerda yangi daraxtlar ekiladi, kuzatuv minorasi va osma koʻprik quriladi, metroga kirish qismi ochiladi va uning oldida maydon quriladi.
Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga qurilish va obodonlashtirish loyihalari qatorida Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy bogʻini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi taqdim etildi.
Bogʻda relefdan toʻgʻri foydalanib, yashil hududlarni koʻpaytirish, sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy qurish, shuningdek, sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xoll tashkil etish reja qilinmoqda.
Rossiyalik loyihachi Irina Litvinova “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida bogʻ konsepsiyasini ishlab chiqishda “aholi talablari ham inobatga olinganini” aytdi.
“Shaharning bu qismida anʻanaviy muhit hukmron va biz ham maʻlum maʻnoda shunday uslubni tanlashga qaror qildik. Mazkur bogʻda milliy, madaniy elementlar uygʻunligini koʻrish mumkin. Yaʻni oʻzbek xalqiga xos boʻyoqlar, naqshlar, qolaversa, odamlarning turmush tarzi aks etadi.
Park markaz boʻylab, jumladan, hozirda sayyohlarni “ohanrabodek tortadigan” Chorsu bozori hududi bilan integratsiyalashgan. “Bizning taxminimizcha, Qodiriy bogʻi ham xuddi shunday manzilga aylanadi va shahar mehmonlarini oʻziga jalb qiladi”, dedi u.
Bogʻda yashillik olamini asrash uchun zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyalari oʻrnatiladi.