3 Oktabr 2024, 19:24 Oʻzbekiston

4 yoshli qizchani zoʻrlashda gumonlanayotgan shaxsning yonidan giyohvand modda topildi

Toshkent viloyatida 41 yoshli erkak 4 yashar qizchani zoʻrlashda gumonlanib ushlangani boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berildi.

4 yoshli qizchani zoʻrlashda gumonlanayotgan shaxsning yonidan giyohvand modda topildi

Avvalroq Toshkent viloyatida 41 yoshli erkak 4 yashar qizchani zoʻrlashda gumonlanib ushlangani haqida xabar berilgan edi. Viloyat IIBB matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, kecha, 2-oktyabr kuni Yangiyoʻl shahrida yashovchi fuqaro shahar IIB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs 2020-yilda tugʻilgan I.M.ga nisbatan gʻayritabiiy usulda zoʻrlik ishlatgani haqida maʼlum qilgan hamda unga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini soʻragan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumonlanuvchi shaxs 1983-yilda tugʻilgan fuqaro B.D. ekani aniqlangan.

Shuningdek, oʻrganishlar jarayonida gumonlanuvchi B.D.ning yonida 15 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, uning Yangiyoʻl tumani hududida joylashgan yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilgan.

Natijada xonadon oshxonasidan 20 dan ortiq yelim idishlarda, maydalangan va quruq holdagi marixuana giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 25/273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, fuqaro B.D. protsessual tartibda ushlangan.

Ayni paytda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar