13 Dekabr 2024, 17:21 Oʻzbekiston

Adabiyotshunos va yozuvchi Mahkam Mahmudov 84 yoshda vafot etdi.

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi, adib va adabiyotshunos Mahkam Mahmudov 84 yoshda vafot etdi, deya xabar bermoqda uyushma matbuot xizmati.

Mahkam Mahmudov 1940-yilda Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan, 1957−1962-yillarda Toshkent davlat universitetida o‘qigan. U 1960-yillardan to shu kungacha gazeta va jurnal tahririyatlari hamda nashriyotlarda ishlab kelgan. Mahmudov dastlab shoir bo‘lgan, so‘ngra nasrga ham o‘tib, tarixiy mavzular va fantastik janrda ijod qilgan.

Adib “Bibixonim”, “Shohlar malikasi”, “Movarounnahr yulduzi”, “Sulton Mahmud G‘aznaviy”, “Boysung‘ur ibn Shohruh”, “Imom Zayniddin G‘azzoliy”, “Men — men emasman”, “Teskari ko‘zlar sayyorasi”, “Sirli qasr”, “Mangu kuy izlab” singari asarlar yozgan.

Uning adabiyotshunos sifatida yozgan “Talant va ijod falsafasi”, “Abadiyat lahzalari”, “Hayrat va tafakkur” kabi asarlari adabiy va ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan.

Mahkam Mahmudov tarjimon sifatida Aristotelning “Poetika” risolasini, Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” romanini, Andersen ertaklari, Stefan Sveygning “Kuygan ko‘ngil faryodi” novellalar to‘plamini (O‘tkir Hoshimov bilan), Oskar Uayldning “Yulduzdan tushgan bola”, “Sadoqatli do‘st” hikoyalari va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan.

Adabiyot oldidagi xizmatlari uchun unga “El-yurt hurmati” (1998) ordeni berilgan.

Mashhur yangiliklar