14 Noyabr 2024, 13:45 Oʻzbekiston

Ta’sischilarning kelishmovchiligi sabab klinika faoliyati to‘xtab qolgan, pul to‘lagan mijozlar bundan norozi.

“Turk-Buxoro EKU markazi”ning Toshkent filiali ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Toshkent shahar prokuraturasi axborot xizmati buni tasdiqladi.

Gap shundaki, kun.uz 8 noyabr kuni EKU orqali homilali bo‘lish istagida bo‘lgan bir guruh ayollar mazkur EKU markaz tomonidan aldangani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.

Unga ko‘ra, korxonada ta’sischilarning kelishmovchiligi sabab klinika faoliyati to‘xtab qolgan, urug‘lantirilgan embrionlar va mijozlar to‘lagan pullar taqdiri esa noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, klinikada 49 nafar ayol bilan tibbiy muolajalar ko‘rsatish uchun har biri 42,6 mln – jami 2 mlrd 87,4 mln so‘mlik shartnomalar tuzilgan. Ammo muolajalar yakunlanmagan. Shu sababli holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar