2025 yildan O‘zbekistonga ayrim quyosh panellari importi cheklanadi
Keyingi yildan boshlab O‘zbekistonda Tier-1 maqomini olmagan quyosh panellari importi cheklanadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan kompaniyalardan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi. Bu prezidentning 11 sentabrdagi farmonida (jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinmagan) ko‘zda tutilgan.
BNEF Tier-1 ro‘yxati Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida muntazam e’lon qilib borilishi va har oyda yangilab borilishi kerak.
Ushbu ro‘yxat Bloomberg New Energy Finance Corp (BNEF) tomonidan yaratilgan reyting bo‘lib, kompaniyalarning kredit qobiliyati va kredit olish uchun bank talablariga muvofiqligini baholaydi. BNEF o‘z ro‘yxatini har chorakda yangilaydi, shuning uchun kompaniyalar doimiy ravishda ro‘yxatga kiritiladi va undan chiqariladi.
Tier-1 maqomi quyosh panellari yetkazib beruvchisining moliyaviy barqarorligini ko‘rsatsa-da, u ishlab chiqarish sifati yoki panellarning chidamliligi reytingini bermaydi.