2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 130 mlrd dollardan oshishi mumkin — XVJ kutilmasi
Davlat rahbari mamlakatda ilgari bunday o‘sish sur’atlari va yuksak xalqaro e’tirof bo‘lmaganini ta’kidladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda iqtisodiyot hajmi 130 milliard dollardan oshishi mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan turli soha vakillarini taqdirlash marosimida.
Davlat rahbari so‘nggi sakkiz yil davomida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi jadal o‘sib borayotganini ta’kidladi. Xususan, ayni paytda bu ko‘rsatkich 115 milliard dollarga yetgan.
Bugun bitta raqamni birinchi marta aytmoqchiman: Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu yil iqtisodiyotimiz hajmi 130 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ya’ni, ilgari bunday o‘sish, bunday yuksak e’tirof hech qachon bo‘lmagan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari ushbu davrda ijtimoiy infratuzilma uchun olti barobar ko‘p mablag‘ ajratilganini ta’kidladi. Bugungi kunda biznes vakillari iqtisodiyotning chinakam tayanchiga aylangani ta’kidlandi. Xususan, ilgari qurilish faqat davlat buyurtmasi asosida olib borilgan bo‘lsa, hozirda xususiy qurilish korxonalari soni 30 mingdan oshdi, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 6 milliard dollarga yaqinlashdi.
Masalan, 2024-yilda 23 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, bu 2016-yilga nisbatan 4 barobar ko‘pdir. Mamlakat yetakchisi qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, xizmat ko‘rsatish sohalarida ham shunday o‘zgarishlar borligini ta’kidladi.
Avvalroq prezident eksport bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarimalarga moratoriy e’lon qilgani xabar qilingandi. Qaror bir yil davomida amal qiladi.
Izohlar