2025-yil boshidan buyon minglab o‘zbekistonliklar mast holda rulga o‘tirgani aniqlandi
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari 64 ta YPXga pora berishga urinish holatlarini qayd etdi.

O‘zbekistonda 2025-yil boshidan buyon 13 701 nafar haydovchi mast holda mashina boshqargani aniqlandi, deb yozadi “Daryo”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda haydovchilar tomonidan 855 918 ta qo‘pol qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lib, shundan 125 569 tasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish bilan bog‘liq. Yana 209 374 ta holatda haydovchilar hujjatsiz harakatlangani uchun ayblov olgan.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari mast holda transport vositasini boshqargan 13 701 nafar haydovchini qo‘lga oldi. Qayd etilishicha, huquqbuzar haydovchilarning har biriga BHMning 40 baravari miqdorida jarima va 3 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, 155-modda (Yo‘l bezoriligi) bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgan haydovchilar ham haydovchilik guvohnomasidan mahrum etildi. Ushbu davrda tartib posbonlari YHXX xodimlariga pora berishga urinish bo‘yicha 64 ta holatni qayd etgan. Haydovchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda har kuni yo‘l-transport hodisalari oqibatida olti kishi halok bo‘layotgani haqida xabar berilgandi. Har to‘rtinchi avariya o‘lim bilan tugaydi.
Izohlar