22 Iyul 2024, 11:03 Oʻzbekiston

2024/2025-o‘quv yili uchun davlat granti bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlandi

O‘zbekistonda bakalavr va magistrlar tayyorlash bo‘yicha davlat granti tasdiqlandi.

2024/2025-o‘quv yili uchun davlat granti bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlandi

“2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi prezident farmoyishi qabul qilindi. Farmoyishga asosan, 2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha tasdiqlandi:

  • bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga — 34 838 nafar;
  • magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 9 365 nafar.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir hafta muddatda quyidagi takliflarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi:

  • respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1200 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti bo‘yicha.

Bundan tashqari, davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025-o‘quv yilida tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan baliga mos ravishda davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.

Mashhur yangiliklar