Bobur haqida film suratga olinayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq — Otabek Hasanov
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film suratga olinayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroqligini maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda hindlar Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film olayotgani va nomi “Buyuk mo‘g‘ul imperatori Bobur” ekani aytilayotgan xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, Bobur bilan bog‘liq tarix haqida dunyo ahlini chalg‘itish kabi bu holat mamlakat jamoatchiligini, ziyolilarni tashvishga solib, keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi.
Shu qatori meni ham bu holat qattiq tashvishga soldi va tegishli davlat tashkilotlari, elchixonalar bilan vaziyat yuzasidan maʼlumot olish uchun bog‘landim. Aytish lozimki, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda. Albatta, bu masalaga yana aniqlik kiritib, qo‘shimcha xabar beriladi.
Kinematografiya milliy agentligi bilan ham suhbatlashdik. Xabaringiz bor, O‘zbekistonda eng qadimgi o‘tmishdan to yaqin tarixgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida sarkardalarimiz, allomalar haqida turkum filmlar yaratilmoqda. Bu loyiha ham tez orada o‘z samarasini berib, milliy o‘zligimiz bilan bog‘liq tariximiz ekranlarda gavdalanadi, deb yozadi Otabek Hasanov.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, “milliy g‘urur, vatanparvarlik shunchaki kitoblar-u, quruq so‘zlarda emas, xalqimiz ong-u shuurida yashamoqda, keng jamoatchilik esa bu kabi holatlarga aslo befarq emas”.
Мавзуга оид хабарлар:
Raqobat qoʻmitasi Respublika Maʼnaviyat markaziga qarshi ish qoʻzgʻatdi