Rossiyada benzin eksportiga qoʻyilgan taqiq yil oxirigacha uzaytirildi
Embargo davom etishi rasmiylar tomonidan yonilg‘i bozorida barqarorlikni ta’minlash zarurati bilan izohlanmoqda.
“Mavsumiy talabning davom etishi va neftni qayta ishlash zavodlarida rejali taʼmirlash ishlari olib borilayotgan davrda yonilgʻi bozoridagi barqaror vaziyatni saqlab qolish uchun qaror qabul qilindi”, deb xabar qildi mamlakat vazirlar mahkamasi 14 avgust, chorshanba kuni Telegram kanalda.
Taʼkidlanishicha, cheklov xalqaro hukumatlararo kelishuvlar boʻyicha yetkazib berish va shaxsiy foydalanish yoki xalqaro gumanitar yordam koʻrsatish uchun eksport qilinadigan yonilgʻiga taʼsir qilmaydi.
Rossiyada 1 martdan 31 avgustgacha benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etilgan, biroq may-iyul oylarida bu chora “ichki bozorni avtomobil benzini bilan toʻldirish va ayrim korxonalar tomonidan neftni qayta ishlash hajmi kamayishiga yoʻl qoʻymaslik uchun toʻxtatilgan edi”. Avvalroq hukumat benzin eksportini 2023 yilning kuzida cheklagan edi.
Embargo davom etishi, bozor ishtirokchilari fikriga koʻra, hukumatning neftni qayta ishlash zavodlariga mart oyida uchuvchisiz uchoqlar hujumi takrorlanishi xavfini bartaraf etish iloji yoʻqligini hisobga olib, bozorda narxlar keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslik istagi bilan bogʻliq, deb yozadi “Kommersant”.
Ukraina armiyasi soʻnggi oylarda UUA yordamida Rossiya hududiga hujumlar sonini izchil oshirmoqda. Harbiy nishonlar bilan bir qatorda neftni qayta ishlash zavodlari va neft mahsulotlarini saqlash obektlari koʻpincha uchuvchisiz havo hujumlari nishoniga aylanyapti.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiyada noqonuniy migratsiya tugatilgani e’lon qilindi Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik goʻdak Oʻzbekistonga qaytarildi Rossiyada ichida gandbol muxlislari bo‘lgan avtobus yonib ketdi Rossiyada o‘zbekistonlik erkak balandlikdan yiqilib halok bo‘ldi Rossiyada o‘zbekistonlik erkak tanishini o‘ldirib, jasadini bo‘lakladi