Rossiya 45 nafar o‘zbekistonlik migrantni deportatsiya qiladi
Noqonuniy migratsiyada ayblangan 45 nafar o‘zbekistonlik migrant Rossiyadan chiqarib yuboriladi.
Moskva yaqinidagi Pushkino shahrida “Ozon” omborida oʻtkazilgan reyddan soʻng 120 nafar noqonuniy migrant Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Politsiya tezkor-profilaktika tadbirini 11-iyul kuni oʻtkazgan edi, deb xabar berdi “Царьград”.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun bozor omboriga borganda 120 nafar ishchi Rossiyada noqonuniy yurgani maʻlum boʻlgan.
45 nafar migrant Oʻzbekiston fuqarolari boʻlib chiqqan, 29 nafari Tojikistondan, qolganlari esa Ozarboyjon, Jazoir, Angola, Benin, Gambiya, Gvineya, Zambiya, Hindiston, Kamerun, Kongo, Marokash va Siyerra-Leonedan kelgan.
Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 322-moddasi (“Noqonuniy migratsiyani tashkil etish”) bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Migrantlar xorij fuqarolari uchun vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 32 nafari allaqachon Rossiyadan chiqarib yuborilgani taʻkidlanmoqda.