25 Yanvar 2025, 19:03 Jahon

Qozog‘istondagi neft bazasida portlash yuz berdi

Jyezqozg‘on shahrida sodir bo‘lgan portlash oqibatida olti kishi jarohat oldi, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Qozog‘istondagi neft bazasida portlash yuz berdi

Qozogʻistonning Jyezqozgʻon shahrida joylashgan neft bazasida sodir boʻlgan portlash oqibatida olti kishi jarohat oldi, deb xabar beradi Tengrinews.

Qayd etilishicha, Jyezqozgʻon shahri hududida joylashgan neft bazalarining birida uchta maxsus transport vositasida yongʻin chiqqan. Oʻt oʻchiruvchilar voqea joyiga yetib kelgunga qadar portlash yuz bergan va bino qulab tushgan.

“2025-yil 25-yanvar kuni Jyezqozgʻon shahridagi neft bazalarining birida sodir boʻlgan yongʻin oqibatida olti kishi jarohat oldi. Ularning besh nafari viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasiga joylashtirilgan, bir nafari shifoxonaga borishdan bosh tortgan. 1961 va 1971-yilda tugʻilgan ikki erkak jonlantirish boʻlimida qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

Yongʻin yuqori darajadagi murakkablikka ega ofat deya tasniflangan. Ulugʻtogʻ viloyati hokimining buyrugʻi bilan tezkor shtab tashkil etilgan. Hodisa joyiga 10 ta texnika, 20 dan ortiq xodim jalb etilgan.

Taʻkidlanishicha, hodisa joyidagi tezkor shtab qoʻshni rezervuarlarni yonilgʻini sovitish orqali himoya qilish boʻyicha strategik qaror qabul qilgan.

Mashhur yangiliklar