26 Dekabr 2024, 10:50 Jahon

Qozog‘istonda qulagan samolyotning qora qutisi topildi

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari aviahalokat sabablarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Qozog‘istonda qulagan samolyotning qora qutisi topildi

Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyotining qora qutisi Aqtauda topildi. U jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yiladi. Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari aviahalokat sabablarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

“Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va barcha zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda. Samolyotning qora qutisi topildi, tergovchilarga topshirildi va u ishga qo‘shiladi”, dedi Qozog‘iston transport prokuraturasi vakili.

Transport vaziri Marat Qaraboyevning aytishicha, aviahalokatda jami 38 kishi halok bo‘lgan. Samolyot ekipajining besh a’zosidan uch nafari omon qolgan, ikki nafari vafot etgan.

“Yo‘lovchilar haqida: Ozarbayjondan bortda 37 kishi bo‘lgan, ulardan 23 nafari halok bo‘lgan, 14 nafari omon qolgan. Qirg‘izistondan uch kishi bo‘lib, uchovi ham tirik qolgan. Rossiyadan 16 yo‘lovchi bo‘lgan, yettitasi halok bo‘lgan, to‘qqiz nafari omon qolgan. Qozog‘istondan olti yo‘lovchi bo‘lib, afsuski, vatandoshlarimizning barchasi halok bo‘lgan”, dedi vazir.

Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev halokatning hatto dastlabki sabablarini ham keltirmadi. U samolyotdagi teshiklarning fotosuratlarini ko‘rgani va ular o‘q teggan izlarga o‘xshashini aytdi.

Mashhur yangiliklar