Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan o‘zbekistonlik qizlar mamlakatga qaytarildi
Qozog‘istonda o‘z amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan o‘zbekistonlik opa-singil vatanga olib kelindi.
Qozog‘istonda o‘z amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan ikki nafar o‘zbekistonlik voyaga yetmagan qiz mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 6-iyun kuni bolalar ombudsmaniga 24 yoshli A.A. ismli ayoldan murojaat kelib tushgan. Unda onasi va otasi vafot etgani, u 2006-yilda tug‘ilgan I.A. va 2012-yilda tug‘ilgan S.R. ismli singillari uchun eng yaqin qarindosh bo‘lsa-da, qizlar amakisi R.R.ning vasiyligiga berilganini, amakisi esa qizlarni Qozog‘istonga o‘z yashash manziliga olib ketgani, hozirda ularga uyatsiz buzuq harakatlar qilayotganini bildirgan.
Ayol o‘z singillariga jinsiy zo‘ravonlik sodir etayotgan amakisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda singillarini O‘zbekistonga qaytarish hamda eng yaqin qarindosh ekanli sababli qizlarga uni qonuniy vakil etib tayinlanishida amaliy yordam so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining IIVga va TIV orqali O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsuliga yuborgan so‘rovi asosida idoralarning tizimli va o‘zaro tezkor choralari natijasida 8-iyun kuni I.A. va S.R. amakisining uyidan politsiya va vasiylik organi tomonidan olib ketilib, murakkab ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash Olmaota shahri adaptatsiya markaziga joylashtirilgan.
Jinoyat ishi doirasidagi ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari o‘tkazilib bo‘lganidan so‘ng joriy yilning 24-avgust kuni qizlar O‘zbekistonga qaytarildi va Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Shu kunlarda qizlarning opasi A.A.ni ularga vasiy etib belgilashga oid hujjatlar rasmiylashtirilishi jarayoni ketmoqda. Shuningdek, hozirda R.R.ga nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli tuman sudiga yuborildi, deyiladi xabarda.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi AQShda qancha o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani aytildi Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi O‘zbekistonlik erkak Rossiyada odam o‘g‘irlab, pul talab qilishda ayblanmoqda Polshada YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi