29 Avgust 2024, 08:50 Jahon

Pavel Durov garov puli evaziga ozod etildi

Telegram asoschisi Pavel Durov sud nazorati ostida 5 million yevro garov puli evaziga ozod etildi.

Pavel Durov garov puli evaziga ozod etildi

Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlik bo‘yicha bir qator ayblovlar e’lon qilindi. Bu haqda Parij prokuraturasining press-relizida so‘z boradi.

Durov sud nazorati ostida ozod etildi, lekin u Fransiyani tark etmasligi kerak. Shuningdek, Durov 5 million yevro garov puli qo‘yishi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelib turishi zarur bo‘ladi.

Pavel Durov 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Ikki kundan keyin Parij prokuraturasi Durov noma’lum shaxslarga qarshi jinoiy tergov doirasida 12 ta jinoyat, jumladan vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishni rad etish, shuningdek, pornografiya, giyohvand moddalar va hakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish bo‘yicha qo‘lga olinganini e’lon qildi.

Durovga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Telegram ko‘p yillar davomida platformada noqonuniy kontent tarqalishi oldini olish uchun rasmiylar bilan hamkorlikni talab qiluvchi huquq-tartibot idoralarining chaqiruvi va sud qarorlariga e’tibor bermagan.

Mashhur yangiliklar