O‘zbekistonning Shvetsiyadagi yangi elchisi tayinlandi
Rahmatulla Nurimbetov O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi lavozimini egalladi.
15-oktabr kuni O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nurimbetov Stokgolm shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Rahmatulla Nurimbetov mazkur lavozimga tayinlanishidan avval 2023−2024-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Diplomat 47 yoshda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) va O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida boshlagan.
2003-yildan buyon TIV tizimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, o‘tgan yillar davomida vazirlikning markaziy apparatida, shuningdek, O‘zbekistonning Germaniya va Ispaniyadagi elchixonalarida turli lavozimlarda ishlab, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari darajasiga ko‘tarilgan. Bundan tashqari, 2018−2024-yillarda O‘zbekistonning SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori vazifasida ishlagan.
Rahmatulla Nurimbetov 2022—2024-yillarda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Nodir Ganiyev o‘rniga tayinlandi. U mamlakatning Fransiyadagi elchisi bo‘lgandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Lyuksemburgning O‘zbekistondagi birinchi elchisi tayinlandi O‘zbekiston elchisi Indoneziya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi Oʻzbekistonning Shveysariyadagi yangi elchisi tayinlandi O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi elchisi tayinlandi O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi tayinlandi