O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi tayinlandi
Alisher Abdusalomov O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi bo‘ldi.
29-avgust kuni O‘zbekistonning Koreyaga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov Seulga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Alisher Abdusalomov 40 yoshda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va Janubiy Koreyaning Kyong-Xi universitetini bitirgan. Seulga tayinlanishidan avval Oliy Majlis Senati raisi kotibiyatiga rahbarlik qilgan.
Diplomat kasbiy faoliyatini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) yetakchi mutaxassislikdan bosh boshqarma boshlig‘igacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan. U, shuningdek, 2013−2016-yillarda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, 2018−2024-yillarda esa Janubiy Koreyada ham ushbu lavozimda ishlagan.
Yangi elchi o‘zaro hamkorlikning iqtisodiy, madaniy va diplomatik jihatlariga e’tibor qaratgan holda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirish niyatida, deyiladi xabarda.
Alisher Abdusalomov 1995-yildan 2024-yilgacha qisqa tanaffus bilan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Vitaliy Fen o‘rniga tayinlandi. U iyun oyida 77 yoshida vafot etgandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Lyuksemburgning O‘zbekistondagi birinchi elchisi tayinlandi O‘zbekiston elchisi Indoneziya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi Oʻzbekistonning Shveysariyadagi yangi elchisi tayinlandi O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi elchisi tayinlandi O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi tayinlandi