Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi
Eldor Aripov Seulda boʻlib oʻtgan forumda Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Joriy yil 7 oktabrda Seul shahrida “Koreya yarim oroli va Shimol davlatlari madaniyati va strategiyalari 4-forumi” boʻlib oʻtdi.
Xankuk chet tillar universiteti qoshidagi xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar markazi (CIAS) tomonidan tashkil etilgan anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyaning Koreya Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda ilk bor Markaziy Osiyo davlatlarining strategik tadqiqot markazlari direktorlari taklif etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov “Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi strategik muloqot” mavzusidagi sessiyada maʼruza qildi.
Eldor Aripov oʻz nutqi chogʻida Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan barqaror iqtisodiy rivojlanish dinamikasi mintaqaviy birlashuv, chegaralar ochilishi, aholi sonining koʻpayishi va geosiyosiy faollik markazlariga yaqinligi mintaqaning geostrategik ahamiyatini oshirishini taʼkidladi. Yangi Markaziy Osiyo yetakchi davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya uchun “chorlovchi nuqta”ga aylanib bormoqda.
Oxirgi 7-yilda Markaziy Osiyo davlatlarining yalpi ichki mahsuloti 6,3 foizga, mintaqalararo savdo hajmi 4,4 barobarga, oʻzaro investitsiyalar hajmi qariyb ikki baravarga oʻsdi, qayd etdi ekspert.
Oʻz navbatida, Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini yuqori baholagan holda, SMTI direktori ular mustahkam poydevorga asoslangani, vaqt sinovidan oʻtgan va keng qamrovli ekanligini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Seul Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini modernizatsiya qilishga ulkan hissa qoʻshmoqda. Koreya tomonidan kiritilgan investitsiyalar avtomobilsozlik, kimyo, metallurgiya, neft va gaz, axborot-kommunikatsiya va boshqa koʻplab tarmoqlar jadal surʼatda rivojlanishiga turtki boʻlmoqda.
Eldor Aripov diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon Markaziy Osiyo davlatlari bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 600 barobarga oshganini mamnuniyat bilan qayd etdi: 1992-yilda 15 million dollardan 2023-yilda 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi, Koreya investitsiyasining mintaqada toʻplangan umumiy hajmi esa 18 milliard dollardan oshdi.
Shu bilan birga, uning taʼkidlashicha, Seul 2007-yilda birinchilardan boʻlib “Markaziy Osiyo+Koreya Respublikasi” formatini yoʻlga qoʻydi, barqaror rivojlanishni taʼminlash va mintaqa mamlakatlarining muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarini amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshishda davom etmoqda.
Shuningdek, SMTI direktorining soʻzlariga koʻra, Janubiy Koreya yetakchisining Markaziy Osiyoga yaqinda boʻlib oʻtgan tashrifi chogʻida taqdim etilgan “K-Silk ROAD” yangi tashabbusi Seulning mintaqa bilan uzoq muddatli hamkorlikni kuchaytirishga intilishining yaqqol isbotidir. Janubiy Koreyaning “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatida birinchi sammitini 2025-yilda Seulda oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori hamkorligimizni yanada chuqurlashtirishga katta turtki beradi, deya taʼkidladi ekspert.
Shu bilan birga, E.Aripov Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi sheriklikning bugungi darajasi haqida gapirar ekan, ikki tomolama hamkorlikning erishilgan darajasi hayratlanarli ekanligi, biroq mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni umuman aks ettirmasligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan, ekspertning fikricha, koʻp tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlash uchun quyidagi yoʻnalishlarda aniq takliflar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, unga koʻra, Janubiy Koreya tajribasi va texnologiyalarining transferi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan foydalanish asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, E.Aripovning fikricha, muhim yoʻnalishlardan yana biri – barqaror va xavfsiz taʼminot zanjirlarini yaratish. Koreyaning 2030-yilgacha moʻljallangan strategik texnologiyalarni rivojlantirishda jahon yetakchiligiga erishishga qaratilgan ulkan va uzoq muddatli maqsadlarini hisobga olsak, Markaziy Osiyo davlatlari muhim kamyob yer elementlari sohasida yoʻnalishlarni yaratishda ishonchli hamkor boʻlishi mumkin.
Uchinchidan, ekspert aytishicha, ekologik barqarorlikni oshirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish hamkorlikning yana bir ustuvor yuʼnalishi hisoblanadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, suvni tejovchi va ekologik toza zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun Janubiy Koreyaning boy tajribasi va sarmoyalarini jalb etish bu masalalarda muhim oʻrin tutadi.
Toʻrtinchidan, Institut direktori qayd etishicha, inson kapitalini rivojlantirish oʻzaro munosabatlarni chuqurlashtirishda muhim omil boʻlishi lozim. Uning soʻzlariga koʻra, taʼlim sohasi hamkorlikning yetakchi sohasiga aylanishi kerak, bu esa Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribalari va standartlari asosida kadrlar tayyorlashda oʻzaro hamkorlikni oshirish imkonini beradi.
Beshinchidan, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etildi. Janubiy Koreyada kuchayib borayotgan demografik inqiroz fonida Markaziy Osiyo aholi sonining oʻsishi va taʼlimning yuqori darajasi hisobiga mehnat resurslarining muhim yetkazib beruvchisi boʻlishi mumkin.
Oltinchidan, mutaxassis xulosasiga koʻra, oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Bu borada Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻziga xos “bogʻlovchi koʻprik” va ishonchli poydevor sifatida yirik koreys diasporasining oʻrni beqiyos.
Shu oʻrinda, SMTI direktori mintaqa mamlakatlaridagi milliy koreys madaniyat markazlarining faol koʻmagida har yili “Markaziy Osiyodagi koreys diaspora tarmoqlari” Forumini oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu nafaqat mintaqamizda istiqomat qilayotgan koreyslarning milliyligini saqlashga, balki xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu sohalarning barchasida koreyalik hamkorlarimiz bilan maqsadli va muvaffaqiyatli hamkorlik qilishimizga toʻliq ishonaman, dedi Eldor Aripov.
Eslatib oʻtamiz, ushbu Forum Koreya Respublikasi va Koreya yarim orolining shimoliy qismida (Markaziy Osiyo, Kavkaz mamlakatlari, Sharqiy Yevropa) joylashgan davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2021-yilda tashkil etilgan. Forum 2021-2022-yillarda Seulda, 2023-yilda esa Toshkentda SMTI bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Farg‘onada fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi tayinlandi Janubiy Koreya ham Telegram jinsiy jinoyatlarga aloqador ekanini da’vo qilmoqda O‘zbekistondan yarim yilda qancha fuqaro xorijga ishga yuborilgani ma’lum qilindi Берлинда Германия–Ўзбекистон халқаро тиббиёт форуми ўтказилди