
JSST rahbari yangi pandemiyaning ehtimoliy muddatlarini aytdi
Tashkilot COVID-19ʼdan oʻlim holatlari boʻyicha rasmiy maʼlumotlar haqiqiy maʼlumotlardan uch baravar kam deb hisoblamoqda.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning aytishicha, ertami-kechmi dunyo yana pandemiyani kutmoqda, deb yozadi “TASS”.
Maʼlumotlarga koʻra, mutaxassis pandemiyalarning oldini olish toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash bilan shugʻullanuvchi Hukumatlararo muzokaralar organining 13-sessiyasida shunday fikr bildirgan. Tedros Gebreyesus “navbatdagi pandemiya kutib turmasligini” taʼkidlab, olimlar hali ham boshdan kechirayotgan COVID-19 pandemiyasining oqibatlarini eslatdi.
JSST bosh direktori uning paydo boʻlishini “nazariy xavf” emas, balki “epidemiologik aniqlik” deb atadi va yangi pandemiya “20 yil yoki undan koʻproq vaqt oʻtgach, balki ertaga ham” sodir boʻlishi mumkinligini aytdi va bu har qanday holatda sodir boʻlishini va dunyo bunga tayyor boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, COVID-19ʼdan 7 mln odam vafot etgan, ammo biz haqiqiy raqamni 20 mln deb baholaymiz. Pandemiya insoniy yoʻqotishlarga qoʻshimcha ravishda jahon iqtisodiyotida 10 trillion dollardan ortiq mablagʻni yoʻq qildi, — dedi mutaxassis.
Shuningdek, Tedros Gebreyesus tomonlar pandemiya kelishuvi boʻyicha muzokaralarda kelishuvga erisha olishiga ishonch bildirdi, JSST rahbari shartnoma xalqaro tashkilotga aʼzo barcha davlatlarning milliy suvereniteti va xalqaro harakatlarini mustahkamlashga yordam berishini aytdi.
Soʻnggi yangiliklar







