Germaniyadagi Eronning barcha bosh konsulxonalari yopilmoqda
Bu Eron va Germaniya fuqaroligiga ega Jamshid Sharmahdning Eronda qatl etilishiga javoban amalga oshirilmoqda.
31-oktabr kuni Germaniya Qo‘shma Shtatlarda yashagan va 2020-yilda Dubayda Eron xavfsizlik kuchlari tomonidan olib ketilgan eronlik nemis mahbus Jamshid Sharmahdning qatl etilishiga javoban mamlakatdagi uchala Eron konsulligini yopishga buyruq berdi. Bu haqda Handelsblatt xabar qildi.
69 yoshli Sharmahd Eronda terrorizmda ayblanib, dushanba kuni qatl etilgan. Bu 2023-yilda Germaniya, AQSh va xalqaro huquq tashkilotlari soxta deb rad etgan sud jarayonidan keyin sodir bo‘ldi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan e’lon qilingan qarorda Eronning Frankfurt, Gamburg va Myunxendagi konsulliklarini yopish to‘g‘risida so‘z boradi, endilikda Islom Respublikasining faqat Berlindagi elchixonasi ochiq qolmoqda.
Tehron Sharmahdni Eronda terroristik tashkilot deya tan olingan “Tondar” muxolifatchi guruhining yetakchisi sifatida ko‘rgan. U, shuningdek, 2008-yilda masjidga hujum uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblangan, bunda 14 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq kishi yaralangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rilgan choralar Eron konsulligining 32 nafar xodimiga ta’sir qiladi, ular Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lmasa, yashash huquqini yo‘qotadi va mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi. Eronning Berlindagi elchixonasi Germaniyadagi 300 ming eronlikning konsullik yordami uchun javobgardir. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi diplomatik missiya xodimlari soni haqida ma’lumot bermagan.
Hozirgacha Germaniya hukumati bunday chorani faqat bir marta qo‘llagan: mamlakat Rossiya Federatsiyasining to‘rtta bosh konsulxonasini yopgan. Hozirda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Eronga borishdan ogohlantirmoqda va Germaniya fuqarolariga mamlakatni tark etishni tavsiya qildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Eron havo hududi yopilgani sabab bir qancha aviareyslar yo‘nalishini o‘zgartirdi Isroil Erondagi harbiy obyektlarga havo hujumlarini uyushtirdi Eron Saudiya Arabistoniga urush bilan tahdid qildi Eron havo hududini yana 9 soatga yopdi Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab Telegram faoliyatida uzilishlar bo‘ldi