Everestda 100 yil oldin yo‘qolgan alpinistning qoldiqlari topildi
1924 yilda bedarak yo‘qolgan britaniyalik alpinistning jasadi qoldiqlari topildi.
Everest yonbagʻirlaridan 1924-yilda bedarak yoʻqolgan britaniyalik alpinist Endryu Irvin jasadi qoldiqlari topildi, deb xabar beradi National Geographic.
Taʻkidlanishicha, Rongbuk markaziy muzligida etik ichidagi oyoq boʻlagi topilgan. “E.K. Irvin” ismi tushirilgan paypoqlar sabab alpinistning shaxsiga oydinlik kiritilgan.
Bundan 100-yil oldin u va Jorj Mellori dunyodagi eng baland choʻqqini zabt etishga kirishgan. Mellori bunga qadar Everestga ikki marotaba koʻtarilgan, Irvin boʻlsa, buni ilk bor amalga oshirmoqchi boʻlgan. 1924-yil 6-iyunda ular 8 170 metr balandlikda lagerni tark etgan. Ularni oxirgi marta 8-iyunda, choʻqqidan taxminan 240 metr uzoqlikda koʻrishgan.
Mellorining jasadi 1999-yilda topilgan, ammo har ikki alpinistning choʻqqini zabt etganini isbotlaydigan biror dalil yoʻq.
Bu butun jamoamiz uchun oʻziga xos hissiy lahza boʻldi. Umid qilamizki, bu nihoyat uning avlodlari va butun alpinistlar dunyosiga biroz xotirjamlik olib keladi, deydi National Geographic jamoasi aʻzosi Jimmi Chin.
Chin “oʻlja ovchilari” koʻpayib ketmasligi uchun alpinist qoldiqlari aynan qayerdan topilganini aytmagan. Ammo u boshqa buyumlar, hatto marhumlarning kamerasi ham shu atrofda yotgan boʻlishidan umidvor.