28 Dekabr 2024, 10:14 Jahon

Azerbaijan Airlines Rossiyaning 10 ta shahriga parvozlarni to‘xtatdi

Manbalarga koʻra, parvozlar “xavfsizlik nuqtayi nazaridan” to‘xtatilgan.

Azerbaijan Airlines Rossiyaning 10 ta shahriga parvozlarni to‘xtatdi

27-dekabr kuni Ozarboyjonning Boku shahridan Rossiyaning Mineralniye Vodi shahriga parvoz qilgan Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasi samolyoti uchish aeroportiga qaytishga majbur boʻldi. Aviakompaniya buni Maxachqal’a osmoni yopilgani bilan izohladi.

Shundan soʻng, aviakompaniya Rossiyaning ayrim shaharlariga parvozlarni toʻxtatganligi haqida bayonot berdi.

Aviakompaniya bayonotida aytilishicha, Boku-Grozniy reysini amalga oshirgan Embraer 190 samolyotining “fizik va texnik tashqi taʻsir oqibatida sodir boʻlgan halokati” tergovining dastlabki natijalariga koʻra, shuningdek, parvoz uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarni hisobga olgan holda, 28-dekabrdan boshlab Bokudan Rossiyaning Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa va Samara shaharlariga parvozlar toʻxtatiladi.

Keyinchalik Rossiyaning yana uchta shahri Nijniy Novgorod, Vladikavkaz va Saratovga ham parvozlar toʻxtatildi. 25-dekabr kuni AZAL aviakompaniyasi Bokudan Rossiyaning Grozniy va Maxachqalʻa shaharlariga parvozlarni toʻxtatishga qaror qilgan edi.

Shu bilan birga, Qozogʻistonning Qazaq Air aviakompaniyasi Ostona – Yekaterinburg yoʻnalishidagi parvozlar “xavfsizlik nuqtayi nazaridan” 27-yanvargacha toʻxtatilganini maʻlum qildi.

Mashhur yangiliklar