14 Avgust 2024, 13:58 Jahon

Afrikada maymunchechak sabab favqulodda holat deb e’lon qilindi

Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Africa CDC) olimlari maymunchechakning yangi shtammi tez tarqalayotganidan xavotirda.

Afrikada maymunchechak sabab favqulodda holat deb e’lon qilindi

Butun tanani zararlashi mumkin bo‘lgan virus Afrikaning boshqa mamlakatlariga, jumladan Burundi, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Keniya va Ruandaga tarqaldi.

Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat e’lon qilish hukumatlarga o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga yordam beradi va zararlangan hududlarga tibbiy buyumlar hamda yordam yuborishni oshiradi.

Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari rahbari Jan Kaseya, agar kasallikni oldini olish uchun shoshilinch choralar ko‘rilmasa, u nazoratdan chiqib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bu deklaratsiya oddiy rasmiyatchilik emas. Bu harakatni boshlash uchun baland ovozda chaqiriq, ortiq reaktiv bo‘la olmasligimizni tan olishdir. Biz bu tahdidni jilovlash va bartaraf etish borasida faol va agressiv bo‘lishimiz kerak, dedi u.

Afrikadan tashqaridagi mamlakatlarning sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlari ham epidemiyaning keng tarqalishi xavfini baholash uchun vaziyatni kuzatib boryapti.

29 iyul kuni Yevropa kasalliklar oldini olish va nazorat qilish markazi Yevropada maymunchechakni yuqtirish xavfi “juda past” ekanini ma’lum qilgandi.

Infekciya hayvonlardan odamlarga yuqadi, odamlar orasida esa bemor bilan yaqin aloqada bo‘lganlarga, jumladan jinsiy aloqa, teriga tegish, gaplashish yoki nafas olish orqali o‘tadi.

Mashhur yangiliklar