Toshkentda jamoat transporti 24/7 ishlash rejimiga oʻtkazilishi mumkin
Strategik islohotlar agentligi tomonidan Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida quyidagi takliflar ishlab chiqilmoqda.
Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida koʻplab islohatlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Poytaxt koʻchalarida jamoat transportini tunu kun ishlash rejimiga oʻtkazish shular jumlasidan. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, agentlik tomonidan tungi iqtisodiyot boʻyicha Buyuk Britaniya, Tailand, AQSH, BAA va Avstraliya tajribasi va ushbu yoʻnalishni Oʻzbekistonda yanada rivojlantirish istiqbollari oʻrganilgan.
Unga koʻra, 2023-yil holatida Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik tushumlar miqdori — 44 mlrd dollar, Bangkokda — 10 mlrd dollar, Nyu Yorkda — 35 mlrd dollar, Dubayda — 29 mlrd dollar hamda Sidneyda — 3,8 mlrd dollarni tashkil etgan.
“Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim boʻlgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta koʻchalarni gastronomik koʻchalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda”, deyiladi maʼlumotda.
Shu bois Strategik islohotlar agentligi tomonidan Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida quyidagi takliflar ishlab chiqilgan:
- 2025-yil 1-fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish;
- tungi iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini taʼminlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bogʻliq cheklovlarni bekor qilish;
- Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish;
- tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga oʻtkazish;
- “Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yoʻnalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida maʼlumot olish imkonini yaratish;
- tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, koʻchalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish.
“Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi Toshkentda sodir bo‘lgan YTHda yuk mashinasi haydovchisi vafot etdi Toshkentda Lacetti va skuter toʻqnashdi Toshkentda 7,5 mlrd so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi Toshkent jamoat transportida naqd shakldagi to‘lovlar uchun yo‘lkira narxi oshishi kutilmoqda