
Temu O‘zbekistonga qaytishi mumkin
Marketpleys mamlakat rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Temu marketpleysi mamlakatda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, deb xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Soliq qo‘mitasi elektron savdo platformasi faoliyati cheklanishi haqida xabar berganidan so‘ng, platforma O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 885-son qarorining 2-bandiga ko‘ra, faqat yuridik shaxslar — rezidentlar elektron tijorat operatorlari sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
O‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlari, mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilmayotganligi aniqlandi.
“Tushunmovchiliklarning oldini olish uchun fuqarolardan bugundan boshlab Temu platformasida buyurtmalarni amalga oshirmaslikni, agar allaqachon rasmiylashtirilgan buyurtmalar mavjud bo‘lsa, pul mablag‘larini qaytarishni platformada rasmiylashtirish maqsadga muvofiqligini so‘raymiz”, — deyilgandi xabarda.
Soliq qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, platforma 14 mart kuni ro‘yxatdan o‘tgan, biroq u bilan “o‘tgan yillar uchun soliqlar bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda”.
Soʻnggi yangiliklar







