16 Iyul 2024, 09:23 Iqtisod

Soliq toʻlovchilar uchun sunʼiy intellektga asoslangan virtual yordamchi ishga tushirildi

U soliq toʻlovchilarga tegishli maʼlumotlar va soliq va soliqqa tortish masalalari boʻyicha personal maslahatlar berishi mumkin. Bu qoʻmitaning SIga asoslangan uchinchi xizmatidir.

Soliq toʻlovchilar uchun sunʼiy intellektga asoslangan virtual yordamchi ishga tushirildi

Soliq qoʻmitasi sunʼiy intellekt (SI) asosida yaratilgan DavrOn deb nomlangan virtual yordamchini ishga tushirdi, deya xabar qilmoqda qoʻmita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, SI yordamchisi ai.soliq.uz saytida joylashgan boʻlib, soliq toʻlovchilarga kechayu kunduz maʼlumot berishga moʻljallagan.

“DavrOn — samimiy va professional maslahatchi sifatida soliq va soliqqa tortish masalalarida maʼlumotlar hamda personal maslahatlar bera oladi. Virtual yordamchi oʻzbek, rus va ingliz tillarida samimiy muloqot qila oladi”, — deyiladi xabarda.

Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, yordamchi 3 oy davomida yaratildi, uni takomillashtirish jarayoni “uzluksiz” davom ettiriladi. Shu maqsadda Soliq kodeksi, prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, meʼyoriy hujjatlar va yoʻriqnomalar, shuningdek, soliq organlarining call-markaziga kelib tushayotgan onlayn-NKT, EHF, elektron raqamli imzo, elektron hisobotlar, markirovka va boshqa xizmatlarga oid savollarga javoblarni oʻz ichiga olgan 11 mln belgidan iborat bilimlar bazasi yaratilgan.

Virtual yordamchi Soliq qoʻmitasining sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan uchinchi xizmatidir. 2022-yilda soliq toʻlovchilarni masofadan identifikatsiya qilish boʻyicha Face-ID xizmati joriy etilgan. Bugungi kunda xizmat auditoriyasi 6 mln nafardan ortiq Soliq mobil ilova foydalanuvchilarini qamrab olgan. Face-ID tizimi mukammal ishlashi uchun identifikatsiyadan oʻtish fotosurat yordamida emas, balki haqiqatda mavjud inson tomonidan amalga oshirilayotganini aniqlash uchun maxsus model yaratilgan.

Soliq maʼmurchiligiga xizmat qiladigan yana bir SI — bu yuk avtotransport vositalari monitoringi tizimi. Kompyuterning koʻrish modeli yuk mashinalarini boshqa texnikalardan ajratish uchun maxsus kameradan olingan tasvirlardan foydalanadi. Keyinchalik, tizim avtotransport vositasi yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotganini aniqlaydi va olingan maʼlumotlarni tahlil uchun yuboradi. Soliq qoʻmitasi soliq maʼmurchiligi samaradorligini oshirish, shuningdek, soliq toʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida SI texnologiyalaridan foydalanishda imkoniyatlarni kengaytirib borishni koʻzlagan.

Mashhur yangiliklar