10 Iyul 2024, 12:08 Iqtisod

Raqobat qoʻmitasi “Ipotekabank”ka nisbatan ish qoʻzgʻatdi

“Ipotekabank” oʻzining Instagramʼdagi sahifasida “Super” nomli omonat turi boʻyicha reklama joylashtirgan.

Raqobat qoʻmitasi “Ipotekabank”ka nisbatan ish qoʻzgʻatdi

Reklama berish boʻyicha qonun talablarini buzganligi uchun “Ipotekabank”ka nisbatan ish qoʻzgʻatildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

“Instagram ijtimoiy tarmogʻidagi “Ipotekabank” sahifasida bank tomonidan joriy qilingan “Super” nomli omonat turi boʻyicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekanligi bayon etilgan.

Ushbu axborotga bankning internetdagi rasmiy sahifasi joylashtirilgan maʼlumotlar asosida aniqlik kiritilishicha, “Super” nomli omonat turi shartlariga muvofiq mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablagʻlari boʻyicha dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan va keyingi uch oy uchun 14 foizdan hisoblanishi, xuddi shuningdek, onlayn qabul qilingan depozit pul mablagʻlari boʻyicha esa mos ravishda 26,09 va 14 foizdan hisoblanishi maʼlum boʻldi.

“Bunda “Super” nomli omonat turi boʻyicha faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan pul mablagʻlari berilsada, ijtimoiy tarmoqdagi reklama axborotida omonatning muhim shartlari ochib berilmagan”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Reklamani bunday koʻrinishda boʻlishi reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin. Yuqoridagilarni inobatga olib, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunining 16-moddasi va 43-moddasi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Ipotekabank”ga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.

Mashhur yangiliklar