13 Noyabr 2024, 08:54 Iqtisod

Oktabrda ikkilamchi bozorda avtomobillar narxlari qanday o‘zgardi?

MHTI oktabr oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ikkilamchi bozoridagi avtomobillar narxlarini tahlil qildi.

Oktabrda ikkilamchi bozorda avtomobillar narxlari qanday o‘zgardi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) oktabr oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ikkilamchi bozoridagi avtomobillar narxlarini tahlil qildi.

O‘tgan oyda ikkilamchi bozorda Chevrolet Lacetti, Damas va Labo avtomobillari narxi pasayishda davom etdi. Spark’ning o‘rtacha narxi biroz oshdi, Cobalt va Nexia`niki esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Mashhur Lacetti modelining ko‘p masofa bosib o‘tganlarining o‘rtacha narxi sentabrga nisbatan 1,5 foizga, Damas’niki 6,3 foizga va Labo’niki 2 foizga arzonlagan. Bu modellarning kam masofa bosib o‘tganlarining o‘rtacha narxi mos ravishda 0,3 foiz, 0,6 foiz va 3,5 foizga tushdi.

“Ko‘p yurgan” Spark 2,2 foizga, “kam yurgan” Spark’lar esa esa 2,9 foizga qimmatladi.

Cobalt va Nexia narxi deyarli o‘zgarmadi.

  • Lacetti: kam masofa bosib o‘tgani — 15 236 dollar (15 452 dollar), ko‘p masofa bosib o‘tgani — 13 300 dollar (13 500 dollar);
  • Damas: kam masofa bosib o‘tgani — 8250 dollar (8300 dollar), ko‘p masofa bosib o‘tgani — 7500 dollar (8000 dollar);
  • Spark: kam masofa bosib o‘tgani — 10 500 dollar (sentabrda — 10 200 dollar edi), ko‘p masofa bosib o‘tgani — 9 200 dollar (9 000 dollar).

Oktabrda Equinox krossoveri narxlari sezilarli darajada o‘zgardi: kam va o‘rtacha masofa bosib o‘tgan modellarning o‘rtacha narxi sentabrga nisbatan mos ravishda 1,5 foiz va 6,3 foizga pasaydi, ko‘p masofa bosib o‘tgan avtomobillar narxi esa 1,9 foizga oshdi.

Malibu va Tracker narxlari deyarli o‘zgarmadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, bu avtomobillarning narxiga birinchi navbatda yurgan masofasi ta’sir qiladi, ishlab chiqarilgan yilining narxga ta’siri esa kamroq.

Mashhur yangiliklar