9 Dekabr 2024, 09:38 Eksklyuziv, Iqtisod

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 6 oydan beri ilk marta kamaydi

Bu qisqarishga qaramay, 11 oy ichida zaxiralar 6,9 milliard dollarga (+20 foiz) oshdi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 6 oydan beri ilk marta kamaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-dekabr holatiga 41,47 mlrd dollarni (-3,9 foiz) tashkil etib, noyabr oyida 1,67 mlrd dollarga kamaydi. Ko‘rsatkich iyun oyidan beri birinchi marta pasaydi.

Noyabr oyidagi pasayishdan oldin Markaziy bank zaxiralari ketma-ket to‘rt oy davomida rekordni yangiladi: iyul oyida ular 1,06 milliard dollarga, avgustda 1,75 milliard dollarga, sentabrda 1,98 milliard dollarga va oktabrda 2 milliard dollarga oshdi.

O‘tgan oydagi qisqarishga qaramay, 11 oy ichida zaxiralar 6,9 milliard dollarga (+20 foiz) oshdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida xorijiy valyutadagi zaxiralar 1,04 mlrd dollarga — 9,22 mlrd dollardan 8,18 mlrd dollarga kamaydi. Yil boshidan beri (yanvar-noyabr) valyuta zaxiralari 1,19 milliard dollarga (-12,7 foiz) kamaydi, shu jumladan, 2019-yilda mamlakat chiqargan 500 million dollarlik suveren yevroobligatsiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga.

Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 290 ming troya unsiyasiga (9 tonna) ko‘payib, 12,29 million troya unsiyasiga (382,3 tonna) tushdi.

Shunday bo‘lsa-da, oltin zaxirasining qiymati rekord darajadagi 33,36 milliard dollardan 32,7 milliard dollargacha, ya’ni 623 million dollarga kamaydi. Buning sababi — noyabr oyida oltin narxi 2,6 foizga pasayib, bir troya unsiyasi uchun 2721 dollardan 2651 dollargacha tushdi.

Mashhur yangiliklar