O‘zbekistonda yana 5 ta yangi IES o‘z ishini boshlaydi
2027-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yana 5 ta yangi IES ishga tushiriladi.
Xorijiy kompaniyalar bilan imzolangan bitimlarga asosan, 2027-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yana 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda energetika vaziri matbuot kotibi ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qoplash, aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan jami 12 ta bitim imzolandi.
Ushbu bitimlarga asosan, 2027-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 7 057 MVtga teng bo‘lgan 12 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur investitsiya loyihalari xalqaro tajribaga ega Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, Qatar va Turkiya davlatlarining kompaniyalari tomonidan umumiy qiymati 4 mlrd 860 million AQSH dollariga teng bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan ishlar natijasida 2022-yilda Buxoro, Toshkent, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1 374 MVt bo‘lgan 6 ta, 2023—2024-yillarda Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududlarida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan bitta issiqlik elektr stansiyasi, jami 2 874 MVt yangi quvvatlar ishga tushirildi.