20 Avgust 2024, 14:20 Iqtisod

O‘zbekistonda mikromoliya banklari ochiladi

O‘zbekistonda ustav kapitali kamida 50 milliard so‘m bo‘lgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonda mikromoliya banklari ochiladi

20-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va tadbirkorlar uchrashuvida mamlakatda mikromoliya banklari ochishga ruxsat berilishi aytildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Muloqotda respublikada ustav kapitali kamida 50 milliard so‘m bo‘lgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat berilishi maʼlum qilingan. Mazkur turdagi banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Mikromoliya tashkilotlari tomonidan tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatish va litsenziya asosida to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.

Mikromoliya bozori uchun yo‘l ochib berildi. Masalan, o‘tgan yetti oyda 91 ta mikromoliya tashkiloti 6,6 trillion so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatdi va yil yakunigacha bu raqam 12 trillion so‘mga yetkaziladi. Mikromoliya xizmatlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi. Ularga joriy yildagi 1,6 trillion so‘mga qo‘shimcha 1 trillion so‘m resurs ajratiladi, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar