
O‘zbekistonda italiyalik investorlar bilan nok, yong‘oq va pomidorni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi
O‘zbekistonda Italiya investorlari ko‘magida nok, yong‘oq va pomidor yetishtirish hamda qayta ishlash zavodlarini ochish reja qilinmoqda. Qolaversa, qattiq bug‘doydan makaron ishlab chiqaradigan zavod qurish, Yaponiya bilan hamkorlikda Sirdaryoda kivini tajriba tariqasida yetishtirish masalalari ham muhokama qilinmoqda.

O‘zbekistonda Italiya investorlari ko‘magida nok, yong‘oq va pomidor yetishtirish hamda qayta ishlash zavodlari tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Shuningdek, qattiq bug‘doy ekib, makaron ishlab chiqarish loyihalarini ham amalga oshirish rejalashtirilmoqda”, — dedi vazir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Jumladan, prezident Sirdaryo viloyatida 10 gektar maydonda tajriba tariqasida kivi yetishtirishni qo‘llab-quvvatlagan va bu plantatsiyalarni boshqa viloyatlarda ham kengaytirish topshirig‘ini bergan. 2021-yilda EastFruit portali Shuhrat Umarov Farg‘ona viloyatida kivi qanday yetishtirayotgani haqida xabar bergan edi.
Yaponiya bilan hamkorlik doirasida mosh eksporti bo‘yicha ham shartnomalar imzolandi. Kelgusida ushbu mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish reja qilingan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston 11,7 ming tonna kivi import qilgan, bu 2023-yilga nisbatan qariyb 1,5 barobar ko‘pdir. Yetkazib berish hajmi 29,2 foizga — 3,97 mln dollardan 5,1 mln dollargacha oshgan.
Soʻnggi yangiliklar







