O‘zbekistonda elektr energiyasi isteʼmoli rekordi yangilandi
Energetika vazirligi O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi isteʼmoli rekordi yangilanganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, respublikada kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab hafta davomida 16,5 million kVt•soat yoki o‘rtacha 7,1 foiz oshgani kuzatildi. Xususan, 25- va 26-iyul kunlari energotizim bo‘yicha mutlaq tarixiy rekord ko‘rsatkichlar yangilandi.
Jumladan, 25-iyul kuni soat 15:47 da havo harorati +39,7 darajada (Toshkent shahrida) O‘zbekiston energotizimida isteʼmol quvvati 11 822 MVtni tashkil qildi. Mazkur ko‘rsatkich yoz davri uchun tarixdagi absolyut rekord bo‘lib, 2023-yil 28-iyulda (+40 daraja) qayd etilgan eng yuqori isteʼmolga nisbatan 343 MVt ko‘p bo‘ldi.
Shuningdek, 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 253,3 million kVt•soatni tashkil etib, 2023-yil 28-iyul kungi yozgi maksimal isteʼmoldan 0,9 million kVt•soat ko‘p bo‘ldi. Toshkent shahrida 26-iyul kuni absolyut tarixiy rekord isteʼmol quvvati soat 14:27 da kuzatilib, 1705 MVtni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi 27-iyul (+40,1 daraja) kunida kuzatilgan maksimal isteʼmolga nisbatan 97 MVt ko‘pdir.
Taʼkidlash o‘rinliki, ayni paytda kunduzgi soatlarda energotizimda jami 1300 MVt zaxira quvvatlari mavjud bo‘lib, energotizim isteʼmol talabining qariyb 1900 MVt qismi yoki 16 foizi quyosh fotoelektr stansiyalari hisobidan qoplanmoqda. Natijada soatiga 590 ming kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishilyapti.
Мавзуга оид хабарлар:
Energetika vazirligiga elektr va gaz bo‘yicha ijtimoiy me’yorlar muddatini o‘zgartirish vakolati berildi O‘zbekistonlik 17 yoshli velosportchi Jahon va Osiyo rekordini o‘rnatdi O‘zbekistonda yil boshidan buyon 98 mlrd so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanildi Qashqadaryoda fermer xo‘jaligi 1,7 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalandi Buxoro va Jizzaxda 360 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanildi
Soʻnggi yangiliklar







