18 Yanvar 2025, 17:49 Eksklyuziv, Iqtisod

O‘zbekistonda eksportda xususiy sektor ulushi 60 foizgacha oshiriladi

Vengriyaning yetakchi Hello Magyar onlayn nashrida Oʻzbekistonning eksport salohiyatiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

O‘zbekistonda eksportda xususiy sektor ulushi 60 foizgacha oshiriladi

Unda taʻkidlanishicha, Oʻzbekistonda eksportni qoʻllab-quvvatlash “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan – eksportda xususiy sektor ulushini 60 foizga yetkazish maqsadlariga muvofiq tarzda tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Maqolada 2017-yildan 2023-yilgacha Oʻzbekiston eksportining umumiy hajmi 120 milliard AQSh dollarni tashkil etgani haqida koʻrsatkichli maʻlumotlar keltirilgan. Birgina 2023-yilda eksport hajmi 24 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 64 foizga oshganligi eʻtirof etiladi.

“Soʻnggi olti yil ichida Oʻzbekiston oʻz eksporti geografiyasini 33 ta yangi mamlakatga kengaytirdi va umumiy xorijiy bozorlar sonini 115 taga yetkazdi, – deya taʻkidlaydi Hello Magyar. – Oʻzbekiston mahsulotlari ilk bor Peru, Panama, Meksika, Dominikan Respublikasi, Argentina, Albaniya, Serbiya, Finlandiya, Lyuksemburg va boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqdi”.

Taʻkidlanishicha, soʻnggi yillarda eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimida asosiy eʻtibor korxonalarni eksport faoliyatiga jalb qilishga qaratilmoqda. “Masalan, oʻtgan yili 3 mingga yaqin mahalliy kompaniya eksport faoliyatiga qoʻshildi, joriy yilning yanvar-oktabr oylari oraligʻida esa 2450 ta kompaniya ilk bor tashqi bozorlarga chiqib, 1 milliard AQSh dollarlik mahsulot eksport qildi”, deyiladi maqolada.

Mashhur yangiliklar