10 Dekabr 2024, 11:17 Iqtisod

Birjaga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi

O‘zbekistonda gaz zapravkalarga cheklov munosabati bilan birjaga chiqariladigan benzin ikki karra oshiriladi.

Birjaga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi

Gaz “zapravka”lar faoliyatiga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklov munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi vaqtinchalik ikki karra oshiriladi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.

Bildirilishicha, buning uchun barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar yaratilgan.

Talab va taklifga qarab birja savdolariga joylashtirilayotgan avtobenzin hajmini yanada oshirish imkoniyati mavjudligi maʼlum qilinadi. Isteʼmolchilarning avtobenzinga boʻlgan talabini toʻliq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, joriy kuz-qish mavsumida mamlakat aholisini avtobenzin bilan zarur miqdorda hamda uzluksiz taʼminlash yuzasidan barcha zaruriy choralar koʻrilgan.

Vazirlik shuningdek, xususiy AYQShlar egalaridan narxlarni sunʼiy ravishda oshirmasliklarini, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan toʻgʻri sotishlarini soʻragan.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ishchi guruhlar tomonidan joylarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mashhur yangiliklar