20 Mart 2025, 08:40 Iqtisod

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha YI bilan muzokaralarning bir qismini yakunladi

Prezidentning maxsus vakili muzokaralarni “samarali” deb atadi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha YI bilan muzokaralarning bir qismini yakunladi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni qisman yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining LinkedIn`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi joriy hafta Bryusselda Yevropa Ittifoqi bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Maxsus vakil muzokaralarni “samarali” deya baholadi.

“Xizmatlar bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini e’lon qilishdan mamnunman. Tovarlar bo‘yicha hali ham ayrim ishlarni amalga oshirishimiz kerak, yaqin oylarda yakunlashni rejalashtirganmiz”, — deb yozdi u.

Urunov Savdo bo‘yicha bosh direktorat (DG Trade) rahbariyati bilan kechgan uchrashuvda kelasi yilda bo‘lib o‘tadigan 14-Vazirlar konferensiyasida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini “Yevropa Ittifoqi to‘liq qo‘llab-quvvatlashini eshitish quvonarli” deya qayd etdi.

2024-yilning noyabr oyida Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda Shveysariya kabi davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini qayd etgandi. Shuningdek, u bu kabi mamlakatlar “ko‘p qolmagani»ni bildirdi.

Mashhur yangiliklar