16 Iyul 2024, 12:41 Iqtisod

Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasi Chechenistonga tashrif buyurdi

Laziz Qudratov Rossiya hududlari va Rossiya biznesi vakillarini Oʻzbekistonda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib oʻzaro manfaatli yangi loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi

Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasi Chechenistonga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining Checheniston Respublikasiga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Grozniy shahrida boʻlib oʻtgan 1-Kavkaz investitsiya forumida ishtirok etdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotiga koʻra, “Katta Kavkaz: dengizdan dengizgacha” deb nomlangan plenar sessiyasida maʼruzachi sifatida soʻzga chiqqan Laziz Qudratov ikki davlat rahbarlari tomonidan oʻzaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻyilgan vazifani bajarish uchun Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

Rossiya Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Oxirgi 7 yilda Oʻzbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar oʻsdi va 2023-yil yakuniga koʻra, qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Oʻzaro yetkazib berilayotgan tovarlar tarkibi yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan oʻzgarmoqda.

Shuningdek, munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari qatorida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun yangi qoʻshma sanoat zonalarini tashkil etish, qoʻshma moliyalashtirish vositalarini shakllantirish, turizmni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish ham belgilandi.

Maʼruzachi Rossiya hududlari va Rossiya biznesi vakillarini Oʻzbekistonda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib oʻzaro manfaatli yangi loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi.

Mashhur yangiliklar