3 Mart 2025, 10:25 Iqtisod

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish tariflarini pasaytirmadi — MET

Qayd etilishicha, tomonlar 220−500 kV kuchlanishli “Surxon-Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini kengaytirish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish tariflarini pasaytirmadi — MET

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish tariflarini pasaytirmadi, deya xabar berdi “Milliy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodarning mamlakatga tashrifi chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini batafsil muhokama qilgan.

Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar doirasida qo‘shimcha podstansiyalar va tarmoqlarni qurish hisobiga 220−500 kV kuchlanishli “Surxon — Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Loyihani optimallashtirish va qurilishda mahalliylashtirilgan materiallar ulushini oshirish natijasida tomonlar qurilish narxini $252 mlndan $222 mlngacha pasaytirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdilar.

Hozirda shartnoma kelishish jarayonida bo‘lib, muzokaralar yakunlanganidan so‘ng imzolanadi, deya qo‘shimcha qildi davlat kompaniyasi.

“Shu bilan birga, Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish tariflariga hech qanday rasmiy o‘zgartirish kiritilmagan,” — deyiladi xabarda.

23-fevral kuni Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar O‘zbekiston yoz oylarida elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirishga va kelgusi yilda tariflarni pasaytirishga rozilik bildirganini ma’lum qildi.

Mashhur yangiliklar