Metan zapravkalar faoliyatiga cheklov kiritiladi
Energetika vazirligi metan zapravkalar faoliyatiga cheklov kiritilishini maʼlum qildi.
Energetika vazirligi ob-havo keskin sovigan kunlarda aholini uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash yuzasidan ko‘rilayotgan zarur choralarni maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, so‘nggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Bugungi kunda aholining tabiiy gaz kunlik isteʼmoli o‘tgan haftadagiga nisbatan 20 foiz, elektr energiyasi isteʼmoli esa 15 foiz ortgan.
Xabarga ko‘ra, bunday vaziyatda tizim korxonalari tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarni tezkor hamda sifatli tashkil qilish, isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida tizimda doimiy ravishda zarur choralar ko‘rib borilmoqda.
Jumladan, sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu kun faoliyat yuritadigan 1 600 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etildi hamda ular kerakli avtotransport vositalari va zaxira qurilmalari bilan to‘liq taʼminlandi.
Maʼlumot uchun, elektr taʼminoti korxonalariga 877 ta avtotransport hamda 450 ta maxsus texnika, gaz taʼminotiga – 220 ta avtotransport va 259 ta maxsus texnika biriktirilib, 567 ta payvandlash apparati bilan taʼminlangan.
Aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha soha obyektlarida 24 soatlik ish rejimiga o‘tilgan bo‘lib, joylarda ishlarning borishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Sodir bo‘lgan avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilib, avariyani bartaraf etishning o‘rtacha vaqti o‘tgan yildagi 3-3,5 soatdan joriy yilda 1-1,5 soatgacha qisqartirildi.
Shuningdek, oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi.
Havo haroratining keskin pasayishi natijasida isteʼmolchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi obyektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yerosti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha taʼlim, oliy taʼlim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan taʼminlash ustuvor vazifamiz ekanligini inobatga olib, hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, isteʼmol yuqori bo‘lgan ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda maʼlumot berib borilishi yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, fuqarolarga yonilg‘i quyish, gaz to‘ldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn maʼlumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Avto24” ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bog‘liq barcha maʼlumotlarni onlayn rejimda kuzatishlari mumkin.
Qolaversa, elektr taʼminoti bo‘yicha tug‘ilgan savollar bo‘yicha 1154 qisqa raqami yoki Telegram’dagi @HET_admin administratorga hamda gaz taʼminoti bo‘yicha esa 1104 va 104 qisqa telefon raqamlari yoki Telegram’dagi “@hududgaz_murojaat_bot”ga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Fuqarolardan uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash maqsadida ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi choralarni to‘g‘ri tushungan holda quyidagi tavsiyalarga qatʼiy rioya qilish so‘ralmoqda:
- elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
- resurslardan imkon qadar samarali va tejamkorlik bilan foydalanish;
- nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmaslik;
- qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda ularni tarmoqdan ajratib qo‘yish;
- is gazidan zaharlanishning oldini olish.
Мавзуга оид хабарлар:
“O‘zgidromet” Yangi yil kuni ob-havo qanday bo‘lishini ma’lum qildi 26-dekabr kuni kutilayotgan ob-havo haqida maʼlumot berildi 25-dekabr kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi 24-dekabr kuni kuzatiladigan ob-havo prognozi e’lon qildi O‘zbekistonda kelasi hafta boshida qanday ob-havo kuzatilishi ma’lum qilindi