24 Oktabr 2024, 08:17 Iqtisod

Markaziy bank muomaladagi naqd pul ulushi 20,7 foizgacha kamayganini ma’lum qildi

Markaziy bank muomaladagi naqd pul ulushi 20,7 foizgacha kamaygani va kartadagi mablag‘ kamroq naqdlashtirilayotganini ma’lum qildi.

Markaziy bank muomaladagi naqd pul ulushi 20,7 foizgacha kamayganini ma’lum qildi

Markaziy bankning naqd pul muomalasi bo‘yicha tahlili natijalariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, jami pul massasidagi naqd pul ulushi yanada kamaygan.

1-oktabr holatiga jami pul massasi (M2, muomaladagi naqd pul va naqd bo‘lmagan mablag‘larni o‘z ichiga oladi) 256 trillion so‘mni tashkil etib, yil davomida 26,7 foizga o‘sdi. Naqd pul hajmi (M0) yil davomida 10,4 foizga — 48 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mga o‘sdi.

Muomaladagi naqd pul ulushi 3,2 foiz bandga — 23,9 foizdan 20,7 foizga kamaydi (2022-yil yanvar-sentabrida 24,4 foizni tashkil etgan).

To‘qqiz oyda banklarga jami naqd pul tushumlari hajmi 605 trillion so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga ko‘p. Naqd pul tushumlarining ulushi 62 foizdan 59 foizga kamaydi, terminal orqali tushumlar esa 38 foizdan 41 foizga oshdi.

Shu davrda banklarning naqd pul aylanmasi hajmi 727 trillion so‘mni tashkil etdi. Naqd pul tushumlari 360 trillion so‘mga, berilgan naqd pullar 367 trillion so‘mga yetdi. Naqd pulga talab oshishi natijasida MB muomalaga qo‘shimcha 8 trillion so‘m naqd pul chiqardi.

Ushbu davrda bank kartalariga 740 trillion so‘m (+31 foiz) o‘tkazildi. Shundan 167 trillion so‘mi (+21 foiz), jumladan, bankomatlar orqali (ulushi — 83 foiz) naqd pulda chiqarildi. Umuman olganda, kartadan naqd pul yechib olish ulushi 24,4 foizdan 22,6 foizga (2022-yil yanvar-sentabrida — 27,3 foiz) kamaydi, ya’ni kartaga tushgan mablag‘lar tobora kamroq naqdlashtirilmoqda.

Bank kassalaridan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun qilingan naqd pul xarajatlarining ulushi 22 foizdan 24 foizga — 66 trillion so‘mdan 88,1 trillion so‘mga (bir yilda +33,4 foiz) o‘sdi.

Mashhur yangiliklar