16 Iyul 2024, 18:11 Iqtisod

Markaziy bank bir qancha moliyaviy tashkilotlarni jarimaga tortdi

Ular oʻrnatilgan iqtisodiy meʼyorlar talablariga rioya qilmagan hamda Markaziy bankka taqdim etilgan maʼlumotlarda noaniqliklarga yoʻl qoʻygan.

Markaziy bank bir qancha moliyaviy tashkilotlarni jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan joriy yilning iyun oyidagi yigʻilishlarida (7-marta) 42 ta masala koʻrildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi, deya xabar bermoqda MB matbuot xizmati.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 14 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan tekshirishlar natijalari ham muhokama qilingan.

“Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan iqtisodiy meʼyorlar talablariga rioya qilinmaganligi hamda Markaziy bankka taqdim etilgan maʼlumotlarda noaniqliklarga yoʻl qoʻyilganligi va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bitta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllandi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan tashqari, bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish tamoyilidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berilgan.

Mashhur yangiliklar