Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.
Markaziy bank boshqaruvi 31-oktyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda.
Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi. Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyatsiya omillari bo‘yicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Markaziy bankka ko‘ra, 2024-yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyaеsion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyasiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
2024 yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etdi. Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi aholi daromadlarining oshishiga hissa qo‘shmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arish faolligini oshirishda davom etmoqda.
Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024-yilda YAIMning real o‘sishi 6,0-6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli ta’minoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.
Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi, deyiladi xabarda.