Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.

Markaziy bank boshqaruvi 2024-yil 23-yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar qildi.
Markaziy bank qayd etishicha, so‘nggi oylarda umumiy inflyatsiya pasayib borishi bilan birga iqtisodiyotdagi inflyatsion omillar turli yo‘nalishlarda shakllanmoqda. Kelgusi choraklarda inflyatsiyaga o‘tgan yilgi energiya narxlari erkinlashtirilishining ta’siri kamayib borishi kutilayotganligiga qaramasdan inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotganligi pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Qabul qilingan qaror bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari va inflyatsiya kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilishi qayd etilgan.
Umumiy inflyatsiya darajasi 2024-yil oktabr oyidan pasayish trendiga o‘tib, dekabrda yillik 9,8 foizni tashkil etdi. Ushbu trendga narxlar barqarorlashuvining mustahkamlanayotganligining ifodasi sifatida qarash mumkin. 2024-yil yakunida iste’mol savatidagi tovar va xizmatlarning to‘rtdan uch qismida narxlar o‘sishi 2023-yilga nisbatan sekinlashdi.
“Ayni paytda, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya biroz tezlashib, 7,2 foizgacha oshdi. Bunda xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bazaviy inflyatsiyasi nisbatan yuqori darajada shakllanayotgani taklif omillari bilan bir qatorda yalpi talab ortishi bilan bog‘liq inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini ko‘rsatmoqda”, deya qayd etgan regulyator.
Shuningdek, iqtisodiyotda 2023−2024-yillardagi iste’mol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirga ega bo‘lib, bazaviy inflyatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







