Markaziy bank 100 grammli oltin quymalarni sotuvga chiqaradi
Qadogʻi but holatdagi oltin quymalarni Oʻzbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.

Markaziy bank 17-yanvardan boshlab 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarga qoʻshimcha ravishda ogʻirligi 100 gramm boʻlgan oltin quymani tijorat banklari orqali sotuvga chiqaradi.
Regulyator buni aholining investitsiya va jamgʻarish imkoniyatlarini yanada oshirish hamda qimmatbaho metallar muomalasini kengaytirish maqsadida amalga oshirayotganini maʻlum qildi.
Qayd qilinishicha, quymalar maxsus himoya qadogʻida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadogʻi sertifikat vazifasini bajarib, seriya raqamiga ega boʻladi. Oltin quymalarning sotish narxlari har kuni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida milliy valutada eʻlon qilinadi. Qadogʻi but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida egasidan qayta sotib olinishi ham mumkin.
Qadogʻi buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekpertizadan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza oʻtkazilgandan soʻng toʻlov qilinadi.
Qadogʻi but holatdagi oltin quymalarni Oʻzbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
Maʻlumot oʻrnida, Markaziy bank tomonidan oltin quymalarning 15-yanvar kuni eʻlon qilingan narxlari quyidagicha:
- 5 gr – 5 mln 728 ming;
- 10 gr – 11 mln 457 ming soʻm;
- 20 gr – 22 mln 913 ming soʻm;
- 50 gr – 57 mln 284 ming soʻm.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







