Kredit olishdan ixtiyoriy voz kechish mumkin bo‘ladi
O‘zganing nomiga kredit rasmiylashtirish kabi firibgarlikning oldi olish choralari ko‘rilmoqda.
Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur loyiha bo‘yicha Markaziy Bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev ma’lumot berdi.
Uning qayd qilishicha, so‘nggi vaqtlarda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar xabarisiz kredit mablag‘larini ularning nomiga rasmiylashtirish va mazkur kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ortib bormoqda. Bu kabi holatlar, o‘z navbatida, fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda kredit olishdan voz kechish mexanizmini joriy etishni taqozo qiladi.
Qonun loyihasi bilan «Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri»ni joriy etish va fuqarolarga mazkur reyestrga kiritish bo‘yicha ariza berish orqali ular bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning xabarisiz kreditlarni ularning nomiga rasmiylashtirish va mazkur kreditlarni o‘zlashtirish holatlarining oldini olishga, shuningdek, kredit byurolari faoliyatini tartibga solishni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Мавзуга оид хабарлар:
Davlat banklari oilaviy tadbirkorlik uchun $1 mlrd kredit jalb qiladi Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi Xorijdagi mahkumlarni O‘zbekistonga qabul qilish tartibi belgilandi Noyabr oyi uchun inflatsiya darajasi ma’lum qilindi Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanmoqda