6 Mart 2025, 08:08 Iqtisod

Ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkalari pasaytirildi

“Ipotekani qayta moliyalashtirish” kompaniyasining hamkor banklari tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlarining foiz stavkasi 21,5% dan 19,5% gacha tushirildi.

Ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkalari pasaytirildi

O‘zbekistonda ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkalari tushirildi. Bu haqda “Ipotekani qayta moliyalashtirish” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning 21-fevraldagi tegishli farmoni bilan kompaniyaning belgilangan talablari asosida hamkor banklar tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlarining yangilangan shartlari belgilandi.

Ipoteka kreditlari birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 20 yilga rasmiy daromadga ega bo‘lganlarga taqdim etiladi.

Kredit miqdori Toshkent shahri uchun 800 mln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun 500 mln so‘mgachani tashkil etadi.

Uning foiz stavkasi Markaziy Bank asosiy stavkasi (hozirda — 13,5%) hamda 6% miqdorida hisoblanadi. (2024-yilda bu +8% edi). Natijada stavka 21,5% dan 19,5% gacha pasaytirildi.

“Ipotekani qayta moliyalashtirish” kompaniyasining hamkor banklari qatorida “Hamkorbank”, “InFinBank”, “Orient Finans Bank”, “Agrobank”, “Asakabank”, “Ipoteka-bank”, “Xalq banki”, “Turon bank”, “O‘zmilliybank” hamda “Biznesni rivojlantirish banki” bor.

Mashhur yangiliklar