20 Mart 2025, 12:41 Iqtisod

Inflyatsiya bosim o‘tkazmoqda: Markaziy bank asosiy stavkani oshirdi

Regulyator pul-kredit shartlarini qattiqlashtirish haqida qaror qabul qildi.

Inflyatsiya bosim o‘tkazmoqda: Markaziy bank asosiy stavkani oshirdi

20-mart kuni Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishida yuqori inflyatsion bosim saqlanib qolayotgani, talabning barqaror oʻsishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi sharoitida pul-kredit siyosatini qattiqlashtirishga qaror qilindi.

Ushbu qaror “yaqin oylarda kutilayotgan inflyatsion xavflarni hisobga olgan holda” inflyatsion kutilmalarni jilovlash va oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda kommunal xizmatlar tariflari yana oshishi kutilmoqda, bu ham inflyatsiyaning oʻsishiga olib keladi.

2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi holatiga koʻra yillik 10,1 foizni tashkil etdi. Bunday dinamika ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining oshishi bilan bogʻliq. Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal, transport, taʼlim va tibbiy xizmatlar tariflarining oshishi ham inflyatsion kutilmalarga tobora kuchayib boruvchi taʼsir koʻrsatdi: fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizni, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizni tashkil etdi, – deya taʼkidladi Markaziy bank.

Soʻnggi oylarda xizmatlar sohasidagi yuqori inflyatsiya darajasi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga berilayotgan kreditlar faolligining oshishi bilan izohlanmoqda. Bu, oʻz navbatida, chakana savdo va pullik xizmatlardan olingan daromadlar dinamikasida oʻz aksini topmoqda.

Yil boshidan buyon real samarali almashinuv kursi pasayish tendensiyasiga ega boʻlib, asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi tufayli oʻrta muddatli trendga yaqinlashmoqda.

Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarni optimallashtirish, yalpi talab va taklifning mutanosibligini taʼminlash pul-kredit sharoitlari darajasini oshirishni talab etmoqda. Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi, – deb maʼlum qildi Markaziy bank.

Tartibga soluvchi organ taʼkidlashicha, pul-kredit sharoitlarining qattiqlashtirishi yalpi talabning muvozanatli shakllanishiga va kelgusi choraklarda narxlar oʻsishi omillari taʼsirining pasayishi hisobiga inflyatsion jarayonlarning biroz sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni boʻyicha umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasaytirishga zamin yaratadi.

Markaziy bank oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajasiga tushirishni taʼminlash uchun pul-kredit sharoitlarini qattiqlashtirish vaʼdasini berdi.

Markaziy bank xabar berishicha, pul-kredit sharoitlarini yanada qattiqlashtirish masalasi kelgusi choraklarda iqtisodiyotda yalpi talab va narxlar bosimi kutilganidan koʻra kuchliroq oshishi alomatlari va asoslari paydo boʻlganda koʻrib chiqiladi.

Markaziy bank Kengashining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 24-aprelga rejalashtirilgan.

Mashhur yangiliklar