6 Mart 2025, 07:35 Iqtisod

Gaz zapravkalari faoliyatiga cheklov bosqichma-bosqich yumshatiladi

6-martdan boshlab O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, deb xabar qildi Energetika vazirligi.

Gaz zapravkalari faoliyatiga cheklov bosqichma-bosqich yumshatiladi

6-mart soat 09:00 dan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida metan gaz quyish shoxobchalari bosqichma-bosqich ishlay boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyining ilk kunlarida mamlakatda “havo harorati keskin tushgan”, bu esa tabiiy gaz iste’molining oshishiga va gaz quvurlarida bosimning pasayishiga olib kelgan.

“Mazkur holatda birinchi navbatda aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashga ustuvorlik qaratildi va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi”, — deyiladi xabarda.

Agentlikning aniqlik kiritishicha, so‘nggi kunlarda gaz quvurlarida bosimni normallashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilgan. Bu metan zapravkalari faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlashga sharoit yaratgan.

“Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan haydovchilar yoqilg‘i quyish shoxobchalarini ochishni talab qilayotgani aks etgan videolar paydo bo‘lgandi.

Mashhur yangiliklar