Zarafshonda quvur yorilishi oqibatida o‘nlab turar joylarni suv bosdi — video
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarga vaqtinchalik boshpana ham, shifokorlar yordami ham taklif qilinmagan.

Navoiy viloyatida suv quvuri yorilishi natijasida 20 dan ortiq turar-joy binosi suv ostida qoldi.
Hodisa 2-avgust kuni Zarafshon shahridagi “Oazis” dalahovlisida sodir bo‘lgan. Diametri 1 200 millimetr bo‘lgan quvur yorilib, hovli va xonalarni suv bosgan. Odamlar mol-mulkni qutqarishga ulgurmadi, uylarning bir qismi butunlay suv ostida qoldi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, murojaatlarga mas’ul xizmatlar kechikib javob bergan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, yetib kelgan o‘t o‘chirish mashinasi yordam ko‘rsatmasdan, voqea joyini tark etgan. Ertalabgacha jabrlanganlarga faqat suv ta’minoti va IIB xodimlari yordam berishdi. Fuqarolardan birining aytishicha, ayoli sovqotish tufayli kasal bo‘lib qolgan, biroq yashovchilarga vaqtinchalik boshpana ham, shifokorlar yordami ham taklif qilinmagan. Mutasaddi idoralar hozircha rasmiy izoh bergani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda sovuq suv quvuri yorilishi oqibatida “geyzer” hosil bo‘lgandi. Yuk mashinasi haydovchisi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va mashinasini yuvgan.
Izohlar